04-02-2026 09:03

Ushbu loyiha quyosh energiyasi ishlab chiqarishni qishloq xo‘jaligi faoliyati bilan uyg‘unlashtirgan innovatsion yechim bo‘lib, O‘zbekistonda va Markaziy Osiyoda birinchi hisoblanadi.
Loyihaning umumiy quvvati 500 kVt bo‘lib, u tajriba va namoyish (demonstratsiya) maydoni sifatida faoliyat yuritadi. “Agrisolarplov” loyihasi orqali agrivoltayka texnologiyalarining ekinlar hosildorligi, suv tejamkorligi va yer resurslaridan samarali foydalanishga ta’siri o‘rganiladi hamda kelgusida ushbu texnologiyani mamlakat bo‘ylab keng joriy etish imkoniyatlari baholanadi.
Loyiha Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi (AKIS), Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti hamda mahalliy va xalqaro muhandislik kompaniyalari bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Qurilish ishlarida ikki mahalliy kompaniya — Renicop va Abrest Energy Engineering faol ishtirok etmoqda.
Mazkur loyiha qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirish, qishloq xo‘jaligida innovatsion yondashuvlarni qo‘llash va ekologik barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi. Shu bilan birga, u energiya o‘tishi jarayonida biologik xilma-xillikni saqlash hamda fermer xo‘jaliklari uchun yangi imkoniyatlar yaratishga qaratilgan.
Voltalia kompaniyasi O‘zbekistonda yashil energetikani rivojlantirish bo‘yicha faoliyatini izchil davom ettirib, mamlakatning barqaror va ekologik toza kelajagini ta’minlashga hissa qo‘shmoqda.
