05-02-2026 10:16

Bino hozirgi rekordchi - Dubayda joylashgan Burj Xalifa osmono‘paridan ikki barobar baland bo‘ladi, deya xabar bermoqda Time Out Dubai nashri.
Majmua 678 qavatdan iborat bo‘lib, unga hashamatli mehmonxonalar, yuqori darajadagi restoranlar, atrofni kuzatish uchun mo‘ljallangan panoramali maydonchalar hamda zamonaviy biznes markazlari joylashtiriladi.
Ushbu osmono‘par bino Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyodning shimoliy qismidagi Vision 2030 dasturining markaziy elementiga aylanishi kutilmoqda.
“Ushbu dastur Saudiya Arabistonining neftga qaramligini kamaytirish, iqtisodiyotini xilma-xillashtirish hamda davlat sog‘liqni saqlash, ta’lim, infratuzilma, dam olish va turizmni rivojlantirishga qaratilgan. U qirollikning sayyohlik jozibadorligini oshirish va shahar infratuzilmasini zamonaviylashtirish strategiyasining bir qismi hisoblanadi”, deyiladi xabarda.
Shaharsozlik dasturi doirasida nafaqat ikki kilometrlik minora, balki Saudiya Arabistonining ikkinchi yirik shahri Jiddada bir kilometrlik osmono‘par bino qurilishi ham rejalashtirilgan.
Qayd etilishicha, Ar-Riyodning jahon rekordini yangilashga qodir ulkan minora qurish rejalari 2023-yildan beri ishlab chiqilmoqda. Biroq loyiha hali ham loyihalash bosqichida bo‘lgani sababli tantanali ochilish sanasigacha hali ancha vaqt bor.
Avvalroq Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida sayyohlar va zargarlik sohasi vakillari uchun ilk tilla bilan qoplangan dunyodagi ilk ko‘cha qurilishi rejalashtirilayotgani xabar qilingandi.
