03-02-2026 11:19

Sportchilar Toshkent xalqaro aeroportida Sport vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi mutasaddilari, ommaviy axborot vositalari vakillari va ota-onalari ishtirokida kutib olindi.
O‘zbekistonning birinchi raqamli shaxmatchisi Nodirbek Abdusattorov musobaqaning Masters guruhi doirasidagi 13-tur uchrashuvida hindistonlik Arjun Erigaisi ustidan g‘alaba qozondi. Ushbu natijadan so‘ng Abdusattorov ochkolari sonini 9 taga yetkazib, turnir jadvalida yakka peshqadam sifatida birinchi o‘rinni egalladi va chempionlikni qo‘lga kiritdi.
U turnir davomida hindistonlik Rameshbabu Praggnanandha, chexiyalik Nguyen Tai Dai Van, amaldagi Jahon chempioni Gukesh Dommaraju, germaniyalik Vinsent Keymer va Mattias Bluebaum singari kuchli grossmeysterlarni mag‘lub etdi.
Ma’lumot uchun, Nodirbek Abdusattorov avvalgi yillarda ham Tata Steel Chess turnirida sovrinli o‘rinlarni egallab kelgan: 2023-yilda ikkinchi o‘rin, 2024 va 2025-yillarda esa uchinchi o‘rin bilan kifoyalangan edi. 2026-yilda esa uzoq kutilgan chempionlikni qo‘lga kiritdi.
Shundan so‘ng Nodirbek Abdusattorov bu faoliyatidagi eng muhim lahzalardan biri ekanini ta’kidladi:
“So‘z bilan ifodalab bo‘lmaydigan darajada xursandman. Bu juda uzoq yo‘l bo‘ldi. Yillar davomida g‘alabaga juda yaqin kelib, har safar bir oz yetmay qolar edi. Nihoyat, turnirda g‘alaba qozondim. Bu faoliyatimdagi eng muhim lahzalardan biri. Bolaligimda aynan shu turnirda chempion bo‘lishni orzu qilardim. Endi esa bu orzu amalga oshdi. Bor kuchimni, oxirgi energiyamni berdim. Hozir esa bir tomondan ulkan yengillik, ikkinchi tomondan esa cheksiz baxtni his qilyapman”, deydi Abdusattorov.
Shuningdek, musobaqada 13 imkoniyatdan 8,5 ochko jamg‘argan Javohir Sindorov esa 2-o‘rin bilan taqdirlandi. U turnir davomida 4 g‘alaba va 9 ta durang natija qayd etdi.
