29-01-2026 11:07

Bu haqda Li Je Myong X ijtimoiy tarmog‘ida yozib qoldirgan.
“Sigaretlar bilan bo‘lgani kabi yig‘im orqali shakar iste’molini cheklash va olingan mablag‘larni mintaqaviy va jamoat salomatligini mustahkamlashga sarflash haqida fikringiz qanday?”, deya o‘z yozuviga ushbu mavzudagi ijtimoiy so‘rovnoma natijalari chop etilgan maqolaga havola ilova qilgan.
“Seul gazetasi”da e’lon qilingan tadqiqotga ko‘ra, janubiy koreyaliklarning 80 foizi tarkibida shakar miqdori yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqaruvchi kompaniyalarga yig‘im joriy etish taklifini qo‘llab-quvvatlagan. Shu bilan birga, respondentlarning 75 foizi gazlangan ichimliklardan yig‘im undirilishi kerak deb hisoblasa, 72 foizi pishiriqlar va qandolat mahsulotlarini tilga olgan. So‘ralganlarning 94,4 foizi tovarlar qadog‘iga shakarning zararli ta’siri haqida maxsus ogohlantirish qo‘yish g‘oyasini ma’qullagan.
Bir ming o‘ttiz kishi o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovni Seul milliy universiteti qoshidagi Salomatlik madaniyati tadqiqot tashkiloti amalga oshirgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoning 120 ga yaqin mamlakati tarkibida shakar miqdori yuqori bo‘lgan mahsulotlarga nisbatan maxsus soliqlar joriy etgan yoki boshqa choralar ko‘rgan. 2018-yilda Buyuk Britaniya gazlangan ichimliklar ishlab chiqaruvchilardan yig‘im undira boshlagandi. Natijada ularning tarkibidagi shakar miqdori 47 foizga kamaydi.
