20-01-2026 09:55

Ma’lum qilinishicha, modelyer dushanba kuni Rimdagi uyida, yaqinlari qurshovida olamdan o‘tgan. Valentino Garavani bilan xayrlashuv marosimi 21 va 22-yanvar kunlari bo‘lib o‘tadi. 23-yanvar, juma kuni esa u Rim shahridagi Santa-Mariya-Majore cherkovida dafn etiladi.
Valentino Garavani 1932-yilda Italiyada tug‘ilgan. Moda san’atiga bo‘lgan qiziqishi uni yoshligidan Parijga olib bordi, u yerda nufuzli moda maktablarida tahsil oldi va mashhur atelyelarda tajriba orttirdi. 1960-yilda Rimda o‘z nomi bilan atalgan Valentino modalar uyiga asos solgan Garavani qisqa vaqt ichida moda olamida o‘z o‘rniga ega bo‘ldi.
Uning ijodi ayniqsa Valentino Red — o‘ziga xos qizil rang bilan tanildi, bu rang keyinchalik brendning ajralmas belgilaridan biriga aylandi. Garavani liboslarini Yevropa qirollik oilalari a’zolari, AQShning birinchi xonimlari, siyosatchilar va jahon miqyosidagi mashhur san’atkorlarning doimiy tanlovi bo‘ldi.
Xususan, Jaklin Kennedi turmush o‘rtog‘i, AQSh prezidenti Jon Kennedining dafn marosimida Valentino libosida ko‘rinish bergan. Shuningdek, “Oskar” mukofotini qo‘lga kiritgan olti nafar aktrisa taqdirlash marosimlariga aynan Valentino Garavani yaratgan liboslarda tashrif buyurgan. Ular orasida Juliya Roberts, Keyt Blanshett, Sofi Loren kabi kino yulduzlari bor.
2007-yilda Garavani moda olamidan rasman ketishini va nafaqaga chiqishini e’lon qilgan.
