03-12-2025 11:50

Tadqiqotchilar vaqt farqini hisoblashda quyidagi omillarni inobatga oldi:
Eynshteynning umumiy nisbiylik nazariyasiga ko‘ra, vaqt kuzatuvchi qaysi tizimda joylashganiga, ya’ni harakat tezligi va gravitatsiyaga qarab tezroq yoki sekinroq o‘tishi mumkin. Bu effekt vaqtning sekinlashishi (time dilation) deb ataladi va u mashhur egizaklar paradoksiga olib kelishi mumkin.
Egizaklar paradoksi: Agar egizak astronavtlardan biri deyarli yorug‘lik tezligida uchadigan kosmik kemada koinotga uchsa va boshqasi Yerda qolsa, qaytib kelgan astronavt Yerda qolgan egizagidan yoshroq bo‘ladi. Sababi kosmik kema yorug‘lik tezligiga qanchalik yaqinlashsa, vaqt shunchalik sekin o‘tadi. Shuningdek, tortishish kuchi Yernikidan ancha kuchli bo‘lgan qora tuynuk yaqinida ham vaqt sekinroq o‘tadi.
Marsdagi vaqt farqining sababi
Mars Yerga qaraganda Quyoshdan uzoqroq bo‘lgani uchun Quyosh atrofida sekinroq aylanadi. Bu esa Qizil sayyorada vaqtning sekinroq o‘tishiga olib keladi. Biroq Marsning orbitasi Yernikiga qaraganda cho‘zinchoqroq bo‘lgani sababli u Quyoshga yaqinlashganda tezlashadi, uzoqlashganda sekinlashadi. Shuningdek, Marsning Quyosh va Yer–Oy tizimidan turlicha masofada bo‘lishi ham vaqtning Mars yili davomida o‘zgarib turishiga olib keladi. Ushbu omillarning umumiy ta’siri natijasida Marsdagi vaqt Yerga qaraganda tezroq o‘tadi.
Marsda turgan astronavt uchun bir soniya odatdagidek bir soniyaga teng bo‘ladi. Ammo Yerda turgan kuzatuvchi uchun Marsdagi soniya Yerdagi soniyaga qaraganda biroz tezroq o‘tadi. Mars va Yer o‘rtasidagi o‘rtacha farq sutkasiga 477 mikrosekundni tashkil etadi, lekin bu ko‘rsatkich Marsning Yer va Oyga nisbatan orbitadagi joylashuviga qarab ±226 mikrosekund o‘zgarishi mumkin.
Bu kichik farq kelajakda Qizil sayyorada va uning atrofida yaratiladigan navigatsiya va aloqa tizimlarining ishiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Olimlarning ta’kidlashicha, ushbu vaqt farqi haqida aniq ma’lumotga ega bo‘lish ikki sayyora o‘rtasidagi GPS va aloqa tizimlarini muvaffaqiyatli sinxronlashtirish uchun muhimdir.
