25-11-2025 10:59

“Dahran provinsiyasi va Jidda port shahrida diplomatlar uchun savdo nuqtalarining ochilishi valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon boshchiligidagi sa’y-harakatlarning muhim bosqichi hisoblanadi”, deyiladi xabarda.
Dahrandagi yangi do‘kon Aramco kompaniyasiga tegishli hududda tashkil etiladi. Jidda shahrida esa musulmon bo‘lmagan diplomatlar uchun uchinchi alkogol do‘koni ham ochiladi. Bu shaharda ko‘plab xorijiy davlatlarning konsulliklari joylashgan. Ikkala do‘kon ham 2026-yilda ochilishi kutilmoqda, biroq aniq muddatlar hali e’lon qilinmagan.
Avvalroq Ar-Riyoddagi diplomatik hududda joylashgan oddiy binoda alkogol savdo do‘koni ochilgan edi. Ba’zi diplomatlar uni “spirtli ichimliklar bunkeri” deb atagan. Do‘konning mijozlari qatoriga yaqinda musulmon bo‘lmagan Saudi Premium Residency egalari hisobiga kengaytirildi. Premium rezidensiyalar tadbirkorlar, yirik investorlar va alohida iqtidorga ega shaxslarga berilgan.
Ar-Riyod do‘koni ochilishidan oldin spirtli ichimliklar asosan faqat diplomatik pochta, qora bozor yoki uyda tayyorlash orqali topilardi. Fors ko‘rfazi davlatlarining aksariyatida (Kuvaytdan tashqari) alkogol muayyan cheklovlar bilan sotilishiga ruxsat berilgan.
Saudiya Arabistonida alkogol aholining katta qismi uchun hali ham taqiqlangan. Biroq Muhammad bin Salmon islohotlari doirasida saudiyalik va xorijliklar uchun qator faoliyatlarga ruxsat berildi. Islohotlar qatoriga 2017-yilda ayollarga avtomobil haydashga ruxsat berish, jamoat joylarida erkaklar va ayollarni ajratish qoidalarini yumshatish va diniy politsiya vakolatlarini sezilarli darajada kamaytirish kiradi.
“Bu qadamlar iqtisodiyotni neftdan kamroq qaram qilish va turizm hamda xalqaro biznesni jalb etishga qaratilgan keng ko‘lamli strategiyaning bir qismi hisoblanadi”, deyiladi xabarda.
