24-11-2025 10:31

Dharmendraning vafoti butun Hindiston bo‘ylab chuqur qayg‘u va iztirob bilan kutib olindi. Ijtimoiy tarmoqlarda muxlislar, hamkasb aktyorlar, siyosatchilar va rejissyorlar uning fojiali o‘limi munosabati bilan samimiy xotiralar va ta’ziya izohlarini qoldirmoqda.
Nafaqat Bollivud, balki sobiq SSSRdagi tomoshabinlarning ham sevimli yulduziga aylangan. O‘zining xarizmasi, aktyorlik mahorati va tashqi ko‘rinishi bilan mashhur bo‘lgan bu aktyor Hindiston va Sovet ittifoqi o‘rtasidagi madaniy aloqalarda muhim o‘rin egalladi. U Sharqiy Yevropa mamlakatlarida, shu jumladan, filmlari juda mashhur bo‘lgan SSSRda haqiqiy yulduzga aylandi.
Dharmendra (asl ismi Dharma Singh Deol) 1935-yil 8-dekabrda Panjob shtatining Sahneval qishlog‘ida o‘qituvchi oilasida dunyoga kelgan. Yoshligidanoq kinoga qiziqqan, ayniqsa, o‘sha davrlarda hind kinosining haqiqiy yulduzlari bo‘lgan Dilip Kumar va Ashok Kumar kabi aktyor bo‘lishni orzu qiladi. Aktyor bo‘lish orzusi bilan yongan Dharmendra imkoniyatlar izlab Mumbayga keladi.
Aktyorlik faoliyatidagi dastlabki muvaffaqiyati yosh iste’dodlarni izlash uchun tanlovlar o‘tkazuvchi Filmfare jurnalining tanlovida qatnashganda yuz beradi. Bu voqea Dharmendraga kino sanoatiga kirib borish imkonini yaratadi. Uning ilk debyuti “Hayot ham, yurak ham sen uchun” (1960) filmida bo‘ladi, biroq haqiqiy muvaffaqiyat va e’tirof keyinroq keladi.
1970–80-yillarda esa u Bollivudning eng mashhur jangovar qahramonlaridan biri sifatida tanildi. U o‘z karyerasida 300 dan ortiq filmlarda rol ijro etadi. 1950–1980-yillarda u aktrisa Hema Malini bilan birga ko‘plab filmlarda suratga tushgan.
San’atkor 1997-yilda Filmfare tomonidan taqdim etiladigan Lifetime Achievement Award bilan taqdirlangan. 2012-yilda esa Hindiston hukumati unga mamlakatning uchinchi oliy fuqarolik unvoni — Padma Bhushan’ni topshirgan.
Dharmendra nafaqat aktyor, balki siyosatchi sifatida ham faoliyat yuritgan: u 2004–2009-yillar davomida Bxarat xalq partiyasidan (BJP) parlamentning quyi palatasi — Lok Sabhada deputat bo‘lgan.
Yoshi ulg‘ayganiga qaramay, Dharmendra kino sohasidan uzoqlashmadi. U oxirgi bor 2024-yilda “Mening sevgilim — robot” (“Teri Baaton Mein Aisa Uljha Jiya”) filmida Shahid Kapurning bobosi rolini ijro etdi.
Hali taqdim etilmagan va tez orada ekran yuzini ko‘rishi kutilayotgan “Ikkis” filmi uning so‘nggi asari bo‘lib qoladi. Unda aktyor Agastya Nandaning bobosi rolida namoyon bo‘lgan.
Dharmendradan rafiqasi — mashhur aktrisa Hema Malini, birinchi turmush o‘rtog‘i Prakash Kaur, shuningdek, farzandlari qoldi. Dharmendra va Hemaning ikkita qizi bor — Esha Deol va Ahana Deol, ular ham ota-onasining izidan borib, aktrisa bo‘lishadi. Bundan tashqari, Dharmendraning birinchi nikohidan Sonni va Bobbi Deol ismli o‘g‘illari bor, ular ham oilaviy sulolani davom ettirib, Bollivudda taniqli aktyorlarga aylanishgan.
