21-11-2025 07:44

20-noyabr kuni imzolangan “Yoshlar daftari” jamg‘armalari orqali ijtimoiy yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi prezident farmoniga ko‘ra, Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalardagi yoshlarga “Yoshlar daftari” jamg‘armalari orqali kasbiy va oliy ta’lim tashkilotlari o‘quvchi-talabalarining kontrakt summasi 50 foizgacha qismi tuzilgan ijtimoiy shartnoma shartlarini bajarish darajasidan kelib chiqib to‘lanadi hamda 1 o‘quv yili uchun BHMning 50 baravaridan oshmasligi lozim.
Ushbu jamg‘arma orqali Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalardagi yoshlarning avtomototransportlar haydovchilarini tayyorlash o‘quv kursi xarajatlarini qoplash bo‘yicha subsidiya haydovchilik guvohnomasining “A”, “B”, “D” va “D, E” toifalarini olish uchun to‘lab beriladi.
Prezident farmonida belgilanishicha, Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalardagi yoshlarga safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmatni bepul o‘tash tartibi joriy etiladi hamda ushbu maqsad uchun subsidiya ajratish tartibi bekor qilinadi.
Aayni bir shaxs 1 yil davomida turli ijtimoiy yordamlardan ko‘pi bilan ikki marta foydalanishi mumkin. O‘zbekistonda 2026-yil 1-fevraldan Ijtimoiy shartnoma shartlarini muntazam ravishda kamida 6 oy davomida yuqori darajada bajargan yoshlarni rag‘batlantirish ham yo‘lga qo‘yiladi. Ularga imtiyozli ravishda navbatdan tashqari ijtimoiy yordam ko‘rsatiladi, eng yaxshi 1 000 nafar yoshlar har yili bir marta BHMning 3 baravari (1 million 236 ming so‘m) miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadi, yoshlarning tashabbuskorligi va faolligini rag‘batlantirishga qaratilgan mukofotlarga tavsiya etiladi.
